OIV va unga bog’liq xastaliklar


Sil kasalligi (Tuberkulyoz)

Sil qanday xastalik?
         Sil – sil mikobakteriyalari (Mycobacterium tuberculosis) qo’zg’atuvchi yuqumli kasallik bo’lib u havo orqali, silning faol formasi kechayotgan odamlardan yuqadi.
        Sil mikobakteriyalari kasallikka chalingan odam organizmida qon orqali harakatlanadi va o’pkani egallab oladi. Mikobakteriyalar o’pka tomirlari limfa tugunlariga ta’sir ko’rsatuvchi yallig’lanishni chaqiradi. Bu jarayon birlamchi sil deb ataladi. Bunday jarayon asosan bolalarda kuzatiladi va silga qarshi preparatlar bilan maxsus davolanishni taqozo qiladi. Ko’p hollarda organizmning mustahkam immun tizimi sil o’chog’i hosil bo’lgan joy atrofida himoya qobig’ini hosil qilib, uni kalsinatsiyalaydi va shu orqali kasallik rivojlanishining oldini oladi. Agar insonning immun tizimi zaif bo’lsa uning silga chalinish ehtimoli ortadi.
§  Kasallik chaqiruvchi sil – faol sil deyiladi.
§  immun tizimi nazoratida turgan sil esa yashirin (latent) sil deb ataladi.
§  latent davrdan so’ng kasallik chaqiruvchi sil ikkilamchi (“bilamchidan keyingi”) sil deyiladi.

OIV-manfiy odamlarda hayotlari davomida yashirin silning faollashish va kasallikning rivojlanish ehtimoli 10 dan 1 ga teng. Sil mikobakteriyalari yuqtirib olinganidan so’ng ikki yil ichida kasallik rivojlanishi mumkin. Biroq OIV-infeksiyasi bilan og’rigan odamda agar o’z vaqtida muolaja qilinmasa, xavf ehtimoli yiliga 5-10 % dan ko’tarilib, hayotda davomida bu ko’rsatkich 50 % gacha yetishi mumkin.
    OIV-infeksiyasi bilan yashayotgan odamlarda uchraydigan boshqa opportunistik infeksiyalardan farqli o’laroq, sil CD4 hujayralarining nisbatan yuqori ko’rsatkichlarida rivojlanadi va boshqa odamlarga ularning OIV-maqomi qanday bo’lishidan qat’iy nazar yuqadi.

Silning yuqishi
         O’pkaning faol sili (immun tizimi tomonidan nazorat qilinmayotgan) ni boshdan kechirayotgan odam sil qo’zg’atuvchilarini tarqatadi va ular har qanday boshqa odamga yuqishi mumkin. Sil qo’zg’atuvchilar bemor yo’talgan vaqtda havoga tarqaladi. Shunday bo’lsada, faol silni boshdan kechirayotgan hamma bemorlar ham atrofdagilar uchun xavf tug’dirmaydi. Faol sili bor bemorlarning faqat 50 % igina mikobakteriyalar tarqatadi va shuning uchun ulardan xastalikni yuqtirib olish mumkin. To’g’ri amalga oshirilgan silga qarshi terapiyadan so’ng oradan 3-6 hafta o’tgach silning faol shakli aniqlangan bemorlarning ko’pchiligi yuqtiruvchanlik xususiyatini yo’qotadi. Ammo ularda silga qarshi terapiyaga ehtiyoj saqlanib qoladi.
        OIV-musbat odamlarda faol sil CD4 limfotsitlari darajasining pasayishi va viruslar ta’sirining kuchayishiga olib kelishi isbotlangan. Biroq sil kasalligidan muvaffaqiyatli ravishda davolangan OIV-musbat odamlar ham yuqori faol antiretrovirus terapiya vositasida OIV dan davolanish uchun sil bilan umuman og’rimagan OIV-musbatlar singari imkoniyatga ega.

Sil kasalligining alomatlari
         Silning eng ko’p tarqalgan formasi bu, o’pka silidir (pulmonar sil). O’pka silining asosiy alomati to’xtovsiz yo’tal bo’lib, yo’talgan vaqda og’izdan qonli balg’am va boshqa ajralmalar keladi; Shuningdek, vaznning yo’qotilishi, qaltirash yoki terlab bezgakga tushish, holdan toyish, kechalari terlash, va ba’zan ko’krakda og’riq turishi. OIV-infeksiyasiga chalingan odamlarda uchraydigan boshqa kasalliklarda ham shunday alomatlar paydo bo’ladi.
        Sil organizmdagi boshqa a’zolarni ham zararlashi mumkin, bu “ekstropulmonar” yoki “o’pkadan tashqaridagi” sil deb ataladi. Silning bu formasi suyaklar va bo’g’imlari, peshob ajraluvchi va jinsiy a’zolar, limfa tugunlari, miya qobiqchalari (sil meningiti), yurak (sil perekarditi) ga zarar yetkazishi, shuningdek, bir vaqtning o’zda butun organizmga tarqalishi (milliard sil) mumkin.
        OIV-infeksiyasi bilan og’rigan odamlarga tashxis qo’yishda ko’pincha qiyinchiliklarga duch kelinadi. Sababi, sil kasalligining klinik alomatlari ko’p hollarda noodatiy bo’ladi:
§  ayniqsa ko’p holatlarda limfa tugunlarining zararlanishi qayd etiladi, silning boshqa formalariga xos  bo’lmagan limfa tugunlarining kattalashuvi ko’p kuzatiladi.
§  milliar sil ko’p uchraydi (turli a’zolarda sil bo’rtmachalari paydo bo’ladi).
§  Mikobekteriyalar qonni kultivatsiya qilish chog’ida ajralishi mumkin. Vaholanki, oddiy silda bu narsa kuzatilmaydi.
§  o’pka silida o’pkaning zararlanishi bilan bog’liq odatiy alomatlar kuzatilmaydi, ko’pincha limfa tugunlarining kattalashishi, plevral yiringlash qayd etiladi. Qoidaga ko’ra, balga’m tahlili salbiy.
Bundan tashqari, OIV-musbatlarda sil ko’pincha boshqa opportunistik xastaliklar (gerpes, sitomegalovirus pnevmoniya, kandidoz va boshq.) ga qo’shilib ketadi. Bu esa OIV-infeksiyasiga chalingan odamlarda sil diagnostikasini qiyinlashtiradi.

Sil kasalligini aniqlash
         Sil alomatlari kasallikning boshlang’ich bosqichida sezilmasligi yoki mavjud alomatlar OIV bilan yashovchi odamlarda  uchraydigan boshqa xastaliklarni eslatib yuborishini hisobga olgan holda bemorlar va OIV ni yuqtirganlarga o’pka sili bor yoki yo’qligini aniqlash va profilaktik kimyo terapiyasini amalga oshirish yoki oshirmaslik masalasiga oydinlik kiritish uchun profilaktik ko’riklardan o’tish tavsiya etiladi. Buning uchun ko’krak qafasidagi a’zolarni rentgen yoki flyuorografiya ko’rigidan o’tkazish, tuberkulin tahlilni tayinlash va agar 3 haftadan oshiq davr mobaynida balg’am ajralmali yo’tal kuzatilgan holatda balg’amni Mikobakteriyaga mikroskopiya usuli vositasida o’rganish, agarda o’pkada rentgenologik o’zgarishlar kuzatilsa ozuqa muhitida posev usulida tekshiruv o’tkazish tavsiya etiladi.

Sil profilaktikasi
         BSJ (БСЖ) bilan emlash
         Tug’ruqxonalarda yangi tug’ilgan chaqaloqlar BSJ (Bacillus Calmette-Guerin) bilan emlanadi. Bola 7 va 14 yoshga to’lganda ham BSJ bilan takroriy emlash amalga oshiriladi. Bu emlash (BSJ preparati) bolalar silining o’tkir va keng tarqalgan formalarining oldini oladi. Biroq u kattalarda silning rivojlanishi bilan kurashishga ojizdir. OIV-musbat bolalar va OIV-musbat onadan dunyoga kelgan bolalarga BSJ emlashni qo’llab bo’lmaydi, chunki, ushbu vaksina tarkibida immun tizimi zaiflashgan bolada sil kasalligini chaqiruvchi kuchsizlantirilgan sil mikobakteriyalari bor.
      
       Immun tizimini mustahkamlash.
        
Sil kasalligidan saqlanishning eng yaxshi vositasi immun tizimini msutahkamlashdir. Yuqori faol antiretrovirus terapiya bilan davolash immun tizimini mustahkamlab, organizmning sil  va boshqa infeksiyalar bilan kurashishiga imkon yaratadi.

O’z-o’ziga yordam
         O’z-o’ziga yordam ish va dam olish vaqtiga rioya qilish, yaxshi ovqatlanish, me’yoriy uyqu, quruq va shamollatish imkoni bor xonada bo’lishni o’z ichiga olib bunday sharoitlar sil kasalligini yuqtirib olishdan himoyalaydi va agar sizda latent sil bo’lsa kasallikning qayta qo’zg’alishini oldini oladi. Bordiyu siz sil kasalligi bilan og’rigan odam, masalan, oilangiz a’zosi, qo’shningiz yoki do’stingiz bilan aloqada bo’lsangiz iloji boricha tezroq shifokor ko’rigidan o’tganingiz ma’qul. Zarurat tug’ilsa profilaktik tadbirlarni o’z vaqtida barjarish lozim. Umumiy istiqomat markazlari (qamoqxona, armiya, umumiy yotoqxona va boshq.) da sil kasalligi bor odam bilan aloqa qilish ehtimoli juda yuqori.

Sil kasalligini davolash
         Silga qarshi preparatlar o’tgan asrning 50-yillarida paydo bo’lgan va ulardan to’gri foydalanilsa OIV-musbat odamlarda ham sil kasalligini davolash mumkin. Biroq OIV-infeksiyasida ham sil kasalligini davolash qat’iy intizom, dori vositalarini o’z vaqtida, belgilangan tartibda qabul qilishni talab etadi. Muolaja ko’p hollarda 6 oydan 9 oygacha davom etadi. Aksariyat bemorlar ahvollari yaxshilangach yo preparatlarni qabul qilish tartibiga amal qilmay qo’yadi, yo dorilarni umuman qabul qilmaydi. Bu esa sil mikobakteriyalarining muolaja jarayonida qo’llanilayotgan ayrim yoki barcha pareparatlarga chidamliligini oshiradi. Sil kasalligini davolashda qo’llaniladigan ikkita asosiy preparat (izoniazid va rifampitsin) ga rezistentlik multirezisentlik deb ataladi va jiddiy muammolarga sabab bo’ladi. Bu jahon meditsinasida ham keng tarqalgan muammodir. Multirezistentlik preparatlarni muntazam qabul qilmaslik yoki shifokor tomonidan tayinlangan muolaja qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida kelib chiqadi.

Ogohlantirish! Silga qarshi preparatlardan mustaqil ravishda foydalana ko’rmang. Silga qarshi preparatlarni o’zboshimchalik bilan qo’llash shunday oqibatlarga olib keladiki natijada kasallikni umuman davolab bo’lmay qoladi. Sil kasalligidan davolanishning asosiy sharti – shifokor kuzatuvidir.

Dastlab sil kasalligini davolash kerakmi yoki sil va OIV ni birga davolagan ma’qulmi?
         OIV-musbatlarda yuqori faol antiretrovirus terapiyani boshlashdan avval ularda faol sil yo’qligiga ishonch hosil qilish lozim.
        Agar faol sil aniqlansa yuqori faol antiretrovirus terapiyadan avval sil kasalligini aniqlash kerak.

Qo’llash mumkin bo’lgan variantlar:
§  sil terapiyasi tugaguniga qadar yuqori faol antiretrovirus terapiyani ortga surib turish
§  sil terapiyasining boshlang’ich bosqichi yakuniga yetguncha (dastlabki ikki oy davomida) yuqori faol antiretrovirus terapiyasini ortga suirish.
OIVga qarshi preparatlar qabul qilish boshlanganida immun tizimi rekonstruksiyasi sindromi yuzaga kelishi ham mumkin. Bunday holat qachonki, yuqori faol antiretrovirus terapiya OIV bilan muvaffaqiyatli kurash olib borayotgan va immun tizimini mustahkamlayotgan holda kelib chiqadi. Kuchaygan immun tizimi esa silga yana hujum boshlaydi. Ayrim holatlarda organizmning immun reaksiyasi shu qadar kuchli bo’ladiki, natijada tana harorati ko’tarlib, limfa tugunlari kattalashadi, ba’zan bunday jarayonlar og’riqli bo’lib, xatto inson hayotiga xavf tug’dirishi ham mumkin.
    Umuman olganda OIV ni davolash bo’yicha mutaxassislar CD4 hujayralari 200 dan yuqori ko’rsatkichni qayd etganda sil kasalligini birinchi davolash kerak degan fikrni qo’llab-quvvatlashadi. Bu immunitet rekonstruksiyasi sindromini oldini olish imkonini beradi.
     Agar bemorning immun tizimi o’ta zaiflashgan bo’lsa (CD4 50 dan kam), silni intensiv davolash kurslari tugashi bilan yoki istisno holatlarda (hayotiy ko’rsatkichlarga qarab) sil muolajasi bilan bir vaqtda Antiretrovirus terapiyani amalga oshirish kerak.
    Silga qarshi terapiyadan antiretrovirus terapiyasiga o’tish davrida bemor o’zining ahvoli xususida shifokor bilan maslahatlashib olishi zarur.

Silga qarshi preparatlar va yuqori faol antiretrovirus terapiya o’rtasidagi o’zaro aloqa
         OIV va silga qarshi preparatlar birgalikda samarali va xavfisiz ta’sir ko’rsatishi mumkin. Biroq ayrim antiretrovirus preparatlar va ko’pgina silga qarshi preparatlar jamlanmalari komponenti hisoblanadigan rifampitsin o’rtasida yashirin aloqa mavjud. Rifampitsin proteaz ingibitorlari guruhidagi barcha preparatlar bilan o’zaro ta’sirlasha oladi. Shu boisdan sil koinfeksiyasi bilan og’rigan va rifampitsin qabul qiladigan bemorlarning muolaja sxemasiga abakavir yoki efavirensli yuqori faol antiretrovirus terapiyani qo’shish tavsiya etiladi.
        Ko’pgina shifokorlar silga qarshi terapiyaning asosiy kursi intensiv bosqichi tugab sil jarayonlarining barqarorlashguniga qadar yuqori faol antiretrovirus terapiya muolajasini kechiktirib turish yoki antiretrovirus preparatlar qabul qilish davrida silning faollashishi kuzatilsa bunday preparatlar qabul qilishni to’xtatishni tavsiya etadi. Bu bosqichda bemorni bir vaqtning o’zida ftiziatr va infeksionist kuzatuvida bo’lishi, shifokorlarning o’zaro yaqin hamkorlikda ish olib borishi muhim ahamiyatga ega. Bunday holatda “ikkita xastalik – bitta bemor” tamoyiliga amal qilish joiz.

Sil va yuqori faol antiretrovirus terapiya  - nojo’ya ta’sirlar
        Har qanday dori vositalari kabi silga qarshi va antiretrovirus preparatlar ham nojo’ya ta’sirlar ko’rsatishi mumkin. Odatda bunday ta’sirlar mo’tadil, ammo ayrim holatlarda jiddiy xavf omiliga aylanadi. Nojo’ya ta’sirlar ehtimoli terapiya boshlanganidan so’ng dastlabki haftalarda yuqori bo’ladi. Biroq ular keyinroq ham o’zini ko’rsatishi mumkin.
        Agar sizda terapiyangiz bo’yicha shubhalar yoki savollar paydo bo’lsa, bu yaxshi. Masalan, sizni sog’ligingizdagi salbiy o’zgarishlar siz qabul qilayotgan dori vositalari bilan bog’liq bo’lishi mumkinligi qiziqtirishi mumkin. Buni sizni davolayotgan shifokorlar – OIV va sil kasalliklari bo’yicha mutaxassislar bilan muhokama qilib olishingiz darkor. Shifokor tomonidan tayinlangan terapiyani mustaqil ravishda to’xtatib qo’yish ham bemorning hayotiga katta xavf tug’dirishi mumkin. Bunday o’zboshimchalik OIV ning rivojlanib ketishi yoki sil mikobakteriyalarining tayinlangan preparatlarga nisbatan chidamliligining oshishiga olib keladi. Oqibatda muolaja samarasi pasayib boradi va yakunda butunlay foyda bermay qo’yadi. Bu esa bemor hayotining sifati va davomiyligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

        Bordiyu yuqorida keltirib o’tilgan sabablardan birortasiga ko’ra silga qarshi terapiya yoki antiretrovirus terapiyasi, yo bo’lmasa har ikkala terapiyani o’zgartirish yohud ularni to’xtatish imkonini ko’rib chiqayotgan bo’lsangiz, buni dastlab albatta shifokor bilan maslahatlashing!


Комментариев нет:

Отправить комментарий