OIV va gepatitlar



Umumiy ma’lumotlar
         Gepatit – jigarning zararlanishi bilan kechadigan xastalikdir. Virusli gepatitning 3 ta asosiy turi ma’lum. Bular: A gepatiti, B gepatiti va C gepatiti. Bu xastaliklarni bir-biridan tubdan farq qiluvchi 3 ta virus chaqiradi. Ular turli yo’llar bilan yuqadi, ular jigarni turli yo’llar bilan zararlaydi va ularni davolash uchun turlicha tibbiy yondashuv talab etiladi. B Gepatiti – ko’p hollarda jinsiy yo’l bilan, so’lak va qon orqali; C Gepatiti – asosan qon orqali, kamdan-kam hollarda jinsiy yo’l bilan; A Gepatiti esa – fekal-oral yo’l bilan, virus bilan zararlangan suv va ovqat orqali yuqadi. B va C gepatitidan farqli o’laroq bu xastalik o’z-o’zidan o’tib ketadi va surunkali gepatitning rivojlanishiga olib kelmaydi.
         Gepatit tushunchasi zamonaviy meditsinada nafaqat mustaqil kasallik, balki, organizmga umumiy ta’sir ko’rsatuvchi patologik jarayon sifatida qabul qilinadi.

  • OIV-musbat bemorlar B va C gepatitiga ko’rikdan o’tishlari tavsiya etiladi.
  • A va B gepatitiga qarshi vaksina mavjud. Tavsiya etilgan vaksina OIV bilan yashaydigan odamlar uchun xavfsiz va samaralidir.
  • OIV va B yoki C gepatiti (yoki har ikkalasi) bilan birdaniga og’rish (koinfeksiyalanish) keng tarqalgan holat bo’lib, bu asosan inyeksion narkotiklar iste’mol qiladigan odamlarda uchraydi.
  • Surunkali B va S gepatitlari uchun virusga qarshi terapiya mavjud. Ammo muolaja yaqqol samara bermaydi.
  • Yuqaro faol antiretrovirus terapiya olayotgan OIV-musbat bemorlar bir vaqtning o’zida gepatitdan davolanishlari mumkin. Lekin B va C gepatitini davolashning eng maqbul usuli muolajalarni yuqori faol antiretrovirus terapiyani boshlamasdan avval qo’llashdir.
  • OIV-manfiy odamda C gepatiti 20-25 yil mobaynida rivojlanib, sirroz yoki saratonning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. OIV va C gepatiti bilan bir vaqtda og’rib koinfeksiyalanish kuzatilgan odamda esa bu muddat qisqaroq – 10-15 yilni tashkil etadi.
  • Yog’li ovqatlar va alkogolni ko’p iste’mol qilish gepatitning rivojlanishiga turtki beradi.
  • Jigarning kattalashuvi, ushbu a’zo sohasidagi og’riqlar va terida qon tomir yulduzchalari  - “jigar dog’chalari” ning paydo bo’lishi gepatitdan dalolat beradi.
  • Surunkali C gepatiti aqliy muammolar va dipressiya bilan bog’liq.

Jigar
         OIV-infeksiyasi bir qarashda jigarga to’g’ridan-t’g’ri ta’sir ko’rsatmaydigan virusli yuqumli xastalikdir. Ammo shunday holatlar borki, nafaqat OIV-musbat odam balki, shifokordan ham inson organizmidagi ushbu asosiy a’zolardan biriga alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi. Tibetlik donishmandlar bejizga jigarni “inson a’zolarining qirolidir” deb ta’riflamagan. Immun tizimi juda murakkab tuzilishga ega bo’lib, uning tarkibiga me’yorida ishlashini ta’minlaydigan ko’plab a’zolar kiradi. Bu a’zolar organizmga tushadigan oziq moddalaridan ko’p miqdorda turli spitsifik fiziologik faol moddalarni sintez qilib beradi.

Bundan tashqari inson organizmida immun tizimi a’zolari va boshqa organlarning hujayralari yaraladigan moddalar sintezi muntazam davom etib turishi kerak. Bu moddalardan ko’pchiligi aynan jigarda sintez bo’ladi va shu tufayli ham jigar ishi buzilganda a’zolar, jumladan, immun tizimi me’yorida ishlay olmaydi!
         Jigar – inson organizmidagi eng muhim a’zolardan biri bo’lib, u qorin bo’shlig’ining o’n yuqori qismida joylashgan. Normal holatda jigar chekkasi o’ng qovurg’a do’ngligi ostidan chiqib turmaydi. Jigar hajmining kattalashuvi xastalik alomatidir. Jigarda ko’plab dorivor preparalatlar, xususan, antiretrovirus preaparatlarining metabolizmi (qayta ishlash va o’zlashtirish) kechadi. Virusli gepatitlar, narkotiklar va alkogol iste’mol qilish oqibatida a’zoning zararlanishi organizmda dorivor moddalar “qayta ishlanishi” jarayonining izdan chiqishiga olib kelib, terapiya samaradorligi pasayadi va preparatli muolaja aksincha, zaharli ta’sir ko’rsata boshlaydi.

Jigarning funksiyalari
         Jigar 4 ta asosiy ishni bajaradi:
-         Tozalash: a’zo qonni “filtrlab” organizmni tashqaridan (ovqatdan, dorivor preparatlardan) tushgan yoki organizmda hosil bo’lgan zaharli moddalardan tozalaydi.
-         Metabolik: ovqat yog’larining o’zlashtirilishi uchun zarur bo’lgan safro ishlab chiqaradi, uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi.
-         Energetik: oziq moddalar, vitaminlar, minerallarni o’zlashtirishda ishtirok etadi, energetik almashinuvda qatnashadi.
-         Sintetik: qator biologik faol moddalar (qonni quyultiradigan gormonlar va boshq.) ishlab chiqaradi.

OIV-musbat odamlarda jigar bilan bog’liq yashirin muammolar
         Ko’pgina odamlar jigar bilan bog’liq muamolarni sezmaydi. Shu bilan birga qator omillar jigarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Masalan, alkogolni me’yoridan ortiq iste’mol qilish (turli ma’lumotlarga qaraganda > sutkasiga 25-50 ml. toza etanol) alkogol gepatitidan sirrozgacha olib borishi mumkin.

Jigarga shuningdek, “ekstazi”, geroin va kokain singari rekreatsion narkotiklar ham zarar yetkazadi
         OIV-infeksiyasining davolashda qo’llaniladigan ayrim antiretrovirus preparatlar boshqa dori vositalariga qaraganda jigarga sancha salbiy ta’sir ko’rsatadi. Jigar uchun ayniqsa, ritonavir (aralashtirilgan preparatlarda “kuchaytirgich” sifatidagisi emas, balki to’liq muolaja dozasidagisi) va nevirapin kabi preparatlar kuchli zaharli ta’sir o’tkazadi. A vitaminini katta dozalarda qabul qilish ham jigar uchun zararlidir. OIV/OITS da uchraydigan opportunistik xastaliklarni davolashda qo’llaniladigan ko’plab preparatlarning jigarga zaharli ta’siri mavjud.
         Jigarning jiddiy zararlanishi, o’z navbatida, o’limga olib keluvchi sirroz va jigar saratonining rivojlanish xavfini oshiradi.
         “Gepatit” atamasi ostida jigar to’qimalarining viruslar chaqirgan, toksik yoki immun omillar oqibatida yallig’lanishi tushuniladi. Bunday holat OIV bilan yashaydigan odamlarda ko’p uchraydi. OIV-infeksiyasi bilan og’rigan odamlar orasida eng keng tarqalgan kasallik qo’zg’atuvchilar A, B, va C gepatitlari viruslaridir. Bu viruslar kasallik chaqiribgina qolmay, OIV-infeksiyasi/OITS ni davolash imkoniyatlarini sezilari darajada cheklab qo’yadi.

        
B yoki C gepatitlari OIV-infeksiyasi bilan og’rigan odamlar orasida keng tarqalgan. Ularni belgilashda “qo’shilgan infeksiya” (“koinfeksiya”) degan tibbiy atama mavjud. Bu bemorda bir yoki bir nechta virusli gepatit qo’zg’atuvchilarining OIV-infeksiyasi bilan qo’shilib ketganini bildiradi.

Emlash (Vaksinatsiya)
         A va B gepatitlari uchun samarali vaksina mavjud. Emlash aholining A va B gepatitlari viruslarini yuqtirishga moyil barcha qatlamlariga tavsiya etiladi. Emlash OIV bilan yashovchi odamlar uchun mutlaqo xavfsizdir. Shunga qaramay, OIV-musbat odamlarda emlashdan so’ng B gepatitiga qarshi himoya immuniteti ishlab chiqarilmasligi ehtimoli bor (ayniqsa, CD4 hujayralari soni past bemorlarda). Immunizatsiyadan muvaffaqiyatli o’tganlar esa vaqt o’tgani sayin olingan immunitetni yo’qotib boradi.
         Agar odam A yoki B gepatitlarining simptomsiz yoki yengil formasini boshdan kechirgan bo’lsa buni o’zi sezmasligi mumkin. Emlashdan avval A va B gepatitlariga immuniteti bor yoki yo’qligini aniqlash uchun qon tahlilini amalga oshirgani ma’qul.
         C gepatitiga qarshi vaksina hozircha yaratilmagan.

B gepatiti
B gepatiti – virusli yuqumlik kasallik bo’lib, u jigar hujayralarini nobud qiladi va tiklanmaydigan o’zgarishlarga sabab bo’lib jigar to’qimalarini nobud qiladi (fibroz va sirroz). B gepatiti ham OIV singari yuqadi. Biroq u juda oson, asosan, organizmning biologik suyuqliklari (qon, sperma, qin ajralmalari) orqali, shuningdek, onadan bolaga homiladorlik davrida yuqadi. B gepatiti virusi C gepatiti virusi va OIV ga qaraganda jinsiy yo’l bilan yuqishga moyilroq. B gepatiti inyeksion narkotiklar iste’mol qiladigan odamlar va erkaklar bilan jinsiy aloqada bo’ladigan erkaklar orasidan keng tarqalgan.
         Ko’pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda B gepatiti butun aholini qamrab oluvchi xastalik hisoblanadi. Sayyoramiz aholisining 3 dan 1 qismi hayoti davomida ushbu infeksiya bilan og’riydi.


OIV bilan yashovchi odamlar B gepatitiga qarshi emlashdan o’tishi juda muhim.



         Anal, vaginal va oral jinsiy aloqa vaqtida himoyalovchi vositalardan foydalanish jinsiy aloqa orqali virus yuqishi xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari siz umumiy (sizdan boshqalar ham foydalanadigan) shpris yoki inyeksiya uchun qo’llaniladigan boshqa moslamalar (qoshiqlar, paxta filtrlari va boshq.) dan foydalanmasangiz  C, B gepatitlari va OIV dan himoyalangan bo’lasiz.

         Hozirgi kunda barcha qon mahsulotlari B va C gepatitlari qo’zg’atuvchilariga skrining (tekshirish) dan o’tkaziladi.

Alomatlar (simptomlar)
         B gepatitining o’tkir davri (birlamchi infeksiyalanish) alomatlarsiz va sariq kasalli         o’tkir gepatit formasida ham o’tishi mumkin (ko’zning oq pardasi va terining sarg’ayishi). Bunda peshob qorayadi, ovqat hazm qilish buziladi,  qorindagi og’riqlar,  teridagi toshmalar, bo’gimlardagi og’riqlar, umumiy holsizlik va boshqa alomatlar kuzatiladi. Shu bilan birga jigar hajmi kattalashib labaratoriyada o’tkazilgan qon tahlillarida jiddiy o’zgarishlar qayd etiladi.
         Bu bosqichda ko’pgina odamlarda virusga qarshi himoya immuniteti rivojlanadi. Ammo qator holatlarda B gepatiti virusi yuqqanidan so’ng ko’payishda davom etadi. Katta odamlarning qariyb 5 % i B gepatitini yuqtirganidan so’ng surunkali virus tashuvchilariga aylanadi. Ya’ni kasallik alomatlar sezilmasada surunkali formaga o’tadi. Surunkali B gepatiti virusi tashuvchilarining 4 dan 1 qismida ertami kechmi jigarning surunkali yalliglanishi rivojlanib sirroz yoki jigar saratonining rivojlanish xavfi ortadi. OIV va virusli B gepatiti koinfeksiyasi bor odamlarning OIV yuqtirmagan odamlarga qaraganda B gepatitining surunkali formasini orttirib olish ehtimoli juda yuqori (taxminan koinfeksiya bilan og’riganlarning 3 dan 1 qismi).

Tashxis va monitoring
         B gepatiti virusi va uning tuzilmaviy komponentlariga antijismlar bor yoki yo’qligi, qondagi virus qismlari va DNK sini qon tahlili orqali aniqlash mumkin. Bunday testlarning natijalari kasallik formasi (o’tkir/surunkali B gepatiti) ni tushunish, uning faolligini baholash, shuningdek, avvalgi o’tkir B gepatitidan o’tganini aniqlash imkonini beradi. B gepatiti yuqqanidan so’ng qonda 6 yoki undan oshiq oylar mobaynida B gepatiti DNK si, uning tashqi antigeni (HBsAG, avstraliya antigeni) ning bo’llishi surunkali B gepatitining foydasiga xizmat qiladi. HBeAg ning aniqlanishi bemor organizmida virusning fal rivojlanayotganidan dalolat beradi. B gepatiti virusining surunkali tashuvchisi uni atrofidagilarga yuqtirishi mumkin.
         Agar sizda virus yuqqanidan so’ng oradan 6 oy o’tgach “xotira” antijismlari aniqlansayu, antigenlar bo’lmasa, bu organizm B gepatiti virusidan “tozalanganligini” bildiradi. Qonda aniqlangan antijismlar esa “immunologik xotira” hisoblanadi.
         B gepatitini yuqtirgan odamlar qonning biokimyoviy ko’rsatkichlari tahlilidan muntazam o’tib turishlari kerak. Bu ko’rsatkichlar jigar funksiyalarining buzilishi va a’zoning B gepatiti oqibatida zararlanish darjasini aks ettiradi. “Jigarning funksional tahlillari” nomli bu test jigar yallig’lanishi va uning finksiyalari buzilishi darajasini ko’rsatuvchi qator oqsillar hamda fermentlar darajasini aniqlashga asoslangan. Bunday tekshirishlarni har 6 oyda bir marta o’tkazish zarur. Ushbu tahlillarning batafsil ma’nosi va ifodasi yuqorida bayon etilgan.
         Jigar holatini aniqlash maqsadida shuningdek, ultratovushli tekshiruv ham o’tkaziladi. Ayrim hollarda jigar biopsiyasiga zarurat tug’ilishi mumkin.

Muolaja
         B gepatiti ham A gepatiti singari o’zidan o’zi o’tib ketishi mumkin. O’tkir B gepatitini boshdan kechirgan odamlarning 60 % i odatda tuzalib ketadi. Surunkali B gepatitini davolashning qator usullari bor. Ulardan ko’zlangan asosiy maqsad organizmni B gepatiti viruslaridan tozalash, jigar yallig’lanishini kamaytirish, sirrozning keyingi rivojlanishi va jigar to’qimalarining nobud bo’lishda davom etishini oldini olishdir.  Shu bilan birga OIV-infeksiyasiga chalinmagan va faqat B gepatiti virusinigina yuqtirgan, surunkali gepatiti bor bemorlarning 3 dan 1 qismiga samarali ta’sir ko’rsatuvchi terapiya mavjud.
         Lamibudin (3TC), tenofovir (TDF), emprisitabin (FTC) kabi antiretrovirus preparatlar, shuningdek, adefovir va alfa-interferon virusga qarshi preparatlar B gepatitiga qarshi samarali vositadir. 3TC ni qo’llash OIV va B gepatiti koinfeksiyasi bor odamlarda B gepatiti darjasini sezilarli darajada pasaytirgan. Hozirgi kunda B gepatitini davolashning standart usuli adevofir va lamivudin (3TC) preparatlari yoki interferonni boshqa preparatlarga aralashtirmasdan qo’llashdir.
         Lamivudin (3TC, Epivir®, lamivir, geptavir). B gepatiti virusi va OIV ni yuqtirgan odamlarga OIV-infeksiyasini davolashga xos doza tayinlanadi: bir kunda bitta 300 mg.lik (150 mg.dan ikkita tabletka) tabletka (albatta, moslangan virusga qarshi terapiyaning individual sxemasi komponentlari bilan birga). B gepatitiga qarshi lamivudinni qo’llash samaradorligi muolajadan so’ng 1 yil o’tib 20-30 % dan oshmaydi. Terapiyani 1 yildan oshiqroq yoki 2 yilgacha davom ettirish mumkin.
         Agar xatto OIV lamivudinga nisbatan rezistentlik hosil qilsa ham B gepatitini yengish uchun preparatlarni qabul qilishda davom etish tavsiya etiladi. Lamivudin preparati qabul qilishni       to’xtatib qo’yish qonda B gepatiti viruslarining ko’payishiga sabab bo’ladi va bu “chaqnash” simptomiga olib kelishi mumkin (qarang, “Yuqori faol antiretrovirus terapiya va B gepatiti”).
         Adevofir dipivoksil (Gepsera™) terapiyani endigina boshlagan surunkali B gepatiti bor odamlar uchun ham, avval muvaffaqiyatsiz ravishda lamivudin qabul qilgan bemorlar uchun ham samarali bo’lib chiqdi.

         B gepatiti virusi va OIV koinfeksiyasi bor bemorlar uchun tarkibida har ikkala virusga qarshi kurashuvchi tenofovir va lamivudin (yoki emtritsitabin) bor antiretrovirus terapiya sxemasi tavsiya etiladi. B gepatiti virusi va OIV koinfeksiyasi bor odamlar uchun shuningdek, B gepatitiga qarshi adefovir tayinlanishi mumkin. Ayniqsa, agar antiretrovirus terapiya rejimida tenofovir bo’lmasa. Agar yuqori faol antiretrovirus terapiya sxema tenofovirni (bir kunda 300 mg) o’z ichiga olsa, terapiyaga adefovir qo’shilmaydi.  

Комментариев нет:

Отправить комментарий