Tibbiy parvarish
OIV-infeksiyasi boshlang‘ich bosqichlarida hech qanday alomatlarga ega
bo‘lmaydi va siz bir necha yil mobaynida o‘zingizni yaxshi his qilishingiz
mumkin. OIV-infeksiyasiga chalingan odamlarga malakali yordam ko‘rsatadigan
yagona tibbiyot muassasasi bu, OITS markazidir. Ko‘pgina OIV-musbat insonlar
OIV bilan bog‘liq muammolar va xastaliklarni davolash bo‘yicha tajribaga ega shifokor-mutaxassislarga
murojaat qilishni ma’qul ko‘rishadi. Ammo qachonki sizning OITS markazidagi
davolovchi shifokoringiz maslaxatlashish uchun ana shunday
shifokor-mutaxassisga uchrashni taklif etsagina bu yaxshi natija berishiga umid
qilsa bo‘ladi. Shifokor-mutaxassisga mustaqil borish va OIV-infeksiyasi bilan
bog‘liq muammolarni o‘zboshimchalik bilan hal etishga urinish samarasiz yakun
topishi ham mumkin. Boisi, bu juda xavfli, qolaversa bunday qaror OIV-musbat
odamlarga yordam ko‘rsatish tizimiga ziddir. Yana bir sababi, OIV-infeksiyasi
bu shunday xastalikki, u odamdagi ko‘pgina kasalliklarda o‘z izini qoldiradi.
OIV-infeksiyasi ta’sirida oddiy kasalliklar boshqacha formada kechadi va ularga
tashxis qo‘yishda katta qiyinchiliklarga yoki xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Demak,
noto‘g‘ri muolaja og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi ham mumkin ekan.
Xatto siz o‘zingizni yaxshi his qilsangizda organizmingizda
OIV bo‘lishi mikroorganizmlar chaqiradigan va immun tizimi sog‘lom odamlar
kurasha oladigan boshqa infeksiyalar oldida sizni ojiz qilib qo‘yadi. Shu
sababli, o‘z sog‘ligingiz haqida ko‘proq qayg‘uring, yaxshi ovqatlaning,
sog‘ligingizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi odatlar, jumladan, spirtli
ichimliklar yoki narkotik moddalar iste’mol qilish, tamaki chekishdan voz kechgan
ma’qul. Eng muhimi, kuchli, ayniqsa uzoq davom etadigan ruhiy siqilishlardan
saqlanish kerak.
Sog‘liqni nazorat qilish
Davolovchi shifokoringizga muntazam ko‘rinib turing. Shifokor sizda
OIV-infeksiyasi qanchalik tez rivojlanayotganligini bilib turishi lozim. Bu
shifokorga sizga muolaja tayinlash zarurati va muolajalarni qachon boshlash
ma’qulligi haqida xulosa chiqarishda asqotadi. Shifokorlar xastalikning
rivojlanish bosqichlarini aniqlash uchun sizning immun tizimingiz holatini
o‘rganadi.
OIV-infeksiyasining rivojlanish sur’atiga insonning hayot
tarzi (agar xastalik rivojlanishini sekinlashtirmoqchi bo‘lsangiz sog‘lom
turmush tarziga amal qiling!), irsiyat va asosan qonga tushgan virus shtammi
ta’sir ko‘rsatadi. CD4 hujayralari odatiy sharoitlarda yiliga 50 ta hujayradan
kamayishi o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida qabul qilingan. Agar “immunologiya”
uchun navbatdagi qon topshirishingizdan so‘ng avvalgi tahlildan keskin pasayish
qayd etilgan bo‘lsa (50-100 tadan oshiq hujayra), u holda takroriy tahlil
o‘tkazish tavsiya etiladi. Gap shundaki CD4 hujayralarining soni nafaqat
OIV-infeksiyasi rivojlanishi balki, boshqa ayrim omillar: kunning vaqti,
yondosh infeksiyalar, kayfiyat, ruhiy siqilish, hayz kunlari va hokazolarga
bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi.
Hujayralar soni holatini ko‘p martalik tahlillarda aniqlagan
ma’qul. Bir martalik test odatda yetarli emas.
Kasallikning rivojlanish bosqichlarini shuningdek, klinik
simptomlar kuzatuviga asoslangan holda ham aniqlash mumkin. “Opportunistik”
infeksiyalari chaqiruvchi qator xastaliklar ham mavjudki, bunday infeksiyalar
OIV-infeksiyasi rivojlanishiga xos ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
Yodda tuting! Odamning immunitet tanqisligi virusi bo‘yicha faqat va
faqat shifokorlar tavsiyalariga amal qilish kerak. Hech qachon do‘stlaringiz
yoki ijtimoiy xizmatchilarning maslahatlariga ko‘ra ish qilmang. Garchi ularga
haddan ziyod ishonsangizda. Bordiyu, biror shifokorning tavsiyalari sizda
shubha uyg‘otadigan bo‘lsa OIV bo‘yicha tajribaga ega boshqa shifokor bilan
maslahatlashing. Zinhor OIVga taaluqli bo‘lmagan boshqa yo‘nalish mutaxassisiga
murojaat qilmang.
Jinsiy aloqalar, oila va bolalar.
Agar siz Odamning immuntanqisligi virusi bilan og‘rish normal jinsiy
aloqaga kirishishni va oilaviy hayotni yo‘qqa chiqaradi deb o‘ylasangiz xato
qilasiz. To‘g‘ri, ayrim muammolar va murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Ammo
siz xavfsiz jinsiy aloqa qoidalariga rioya qilsangiz sherigingiz
OIV-infeksiyasiga chalingan yoki chalinmaganidan qat’iy nazar sog‘lom va faol
jinsiy hayotni olib borishingiz mumkin. Agar har ikkalangiz ham OIV-infeksiyasi
bilan og‘rigan bo‘lsangiz ham jinsiy aloqa vaqtida himoya vositalaridan
foydalangan ma’qul. Sababi, OIVning turlari ko‘p va OIV-musbat odam boshqa
xavfli, Antiretrovirus preparatlariga chidamli infeksiyani yuqtirib olishi
ehtimoldan yiroq emas. OIV-musbat ayollar agar ularga to‘g‘ri tibbiy yordam
ko‘rsatilsa, sog‘lom bolani dunyoga keltirishi mumkin.
ARV (Antiretrovirus) terapiyasiga hayrixohlik dasturini shakllantirish
Antiretrovirus terapiyasini
olayotgan odamlarda preparatlarni qabul qilish tartibi bilan bog‘liq muamolar
paydo bo‘lishi mumkin. Preparatlarni o‘z vaqtida, qoldirmasdan qabul qilish,
shuningdek, ovqat bilan (ovqatsiz) parhez tavsiyalarini bajarish bemorning
muoalajaga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. Bunday munosabat terapiyaga
hayrixohlik deb ataladi. ARV terapiyasi olish bilan bog‘liq ko‘pgina
tartiblarda 3 ta preparatni birdaniga, aniq belgilangan vaqtda va ba’zida
muayyan parhezga rioya etgan holda qabul qilish ko‘zda tutiladi. Davolanishga
hayrixohlik, tarafdorlik juda muhim. Binobarin, agar preparatlar pala-partish
va vaqtga rioya etmagan holda qabul qilinsa virusning preparatlarga chidamlilik
xususiyati kuchayishi ham mumkin. Shu boisdan, ayrim tashkilotlar bemorlarni
qo‘llab-quvvatlaydi va muolajaga hayrixohlikni shakllantirishga katta e’tibor
qaratadi (preparatlarning ta’sirini tushuntiradi, qabul qilish qoidalari haqida
ma’lumot beradi, shuningdek, bemorning hayot tarziga muolaja tartibini
moslashtirish strategiyasini ishlab chiqadi).
Комментариев нет:
Отправить комментарий